Millat va makon tanlamas san’at hamisha kishilarga ezgulik ulashib kelgan. San’at turlari jida ko‘p va uning har bir yo‘nalishi o‘ziga xos jozibaga ega. Ayni soha haqida gap ketganda teatr sahna san’atining alohida o‘rin tutishini ta’kidlash joiz. Teatr tomosha san’atiga asos solinishi va jadidchilarimizning bu san’at turiga etibor berishlari ham bejizga emas. Sababi teatr tomosha san’ati insonlar bilan jonli muloqot qiladi. Sahnalashtirilayotgan asarlar orqali ma’lum bir g‘oyani ilgari surib tomoshabinga ta’sir o‘tkazadi. O‘tmish, bugun va kelajak haqida asar qahramonlari orqali so‘zlaydi. Shu orqali insonlarning madaniy xordiq chiqarishi, ma’naviy kamolotga intilishiga xizmat qiladi.

Teatr sahnasida tarixiy shaxslar, zamon qahramonlari, jamiyatning og‘riqli nuqtalari ko‘rsatilib, tomoshabin mulohazaga chorlanadi. Shu bois yurtimizda teatr san’atini rivojlantirishga, uning imkoniyatlaridan kengroq foydalanishga katta e`tibor qaratilmoqda. Yurtboshimiz tomonidan soha rivojiga qaratilayotgan e`tibor, qabul qilinayotgan Qaror va Farmonlar mohiyatida ham ayni jihatlar mujassam.

O‘zbek teatr san’atining ham o‘ziga xos shakllanish yo‘li bor.

O‘zbek professional teatrining tashkil topishi va uning dastlabki san’atkorlari haqida gap ketganda, eng avval yodimizga Mannon Uyg`ur, Yetim Bobojonov, Obid Jalilov, Olim Xojaev, Shukur Burxonov kabi yuksak iste’dod egalari keladi.

Mannon (Majidov) Uyg`ur 1897 yil 11 oktabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. Sahnadagi faoliyatini 1916-yil Toshkentdagi “Turon” truppasida havaskor aktyor sifatida boshlagan. 1919-yil Toshkent shahrida Karl Marks nomidagi o`zbek professional truppasini tashkil qilgan va unga rahbarlik qilgan. O‘zi rahbarlik qilgan truppada sahnalashtirilgan spektakllarda aktyor sifatida rollar ijro etgan.

M.Uyg‘ur 1918-yilda “Turkuston tabibi” asarini yozadi. Ushbu asarda Eshimqul obrazini talqin qiladi. Bundan tashqari G‘.G‘ulomning “Boy ila xizmatchi” asarida G`ofur, G‘.Zafariyning “Halima” asarida Raxim obrazlarini maromiga yetkazib ijro etadi. U 1924—1927 yillar Moskvada O`zbek maorif uyi qoshidagi drama studiyasida tahsil oladi. Studiyani tugatgach Hamza teatrining rejissyori va badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritadi.

M. Uyg`ur faoliyati davomida Tatar va Azarbayjon dramaturglarining bir qancha asarlarini tarjima qiladi. Rejissyor sifatida o`zbek va jahon dramaturgiyasining yetuk asarlarini sahnalashtiradi. Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, G‘.Zafariyning “Halima”, K.Yashinning “Ikki komunist”, “Yoqamiz”, Z.Fatxulinning “Niqob yirtildi”, “Sotqinlar”, Shekspirning “Gamlet”, M.Shaxzodaning “Jaloliddin”, Uyg`uning “Hayot qo`shigi”, Uyg`un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”, S.Abdullaning “Muqumiy” asarlarini sahnalashtirgan.

Mannon Uyg`ur faoliyati davomida G‘.Zafariy, A.Qodiriy, Fitrat, H.H. Niyoziy, M.Behbudiy, Cholpon, A.Avloniy, Xurshid, Komil Yashin kabi dramaturglar va yozuvchilarning asarlarini sahnaga olib chiqqan. 1921-yil Mannon Uyg`ur ilk marotaba G‘.Zafariyning “Halima” musiqali dramasini sahnalashtirgan. O‘zbek teatr maktabining asoschisi, aktyor, tarjimon, dramaturg, rejissyor Mannon Uygur bir vaqtning o‘zida pedagogik faoliyat ham olib borgan. U Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutidagi faoliyati davomida bir qancha iste’dodli shogirdlarni tarbiyalagan. O‘zbek teatr san’atining yetuk dargalari Olim Xojaev, Sora Eshontoraeva, Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov, Zaynab Sadrievalar Mannon Uyg`ur maktabida tahsil olishgan. Aktyorlik mahorat maktabiga asos solinishiga katta hissa qoshgan Mannon Uyg`ur talabalarining mahoratidan tashqari, ularning nutqi ustida alohida ish olib borgan.

M.Uyg`ur o`zbek teatr san’ati rivojiga qo`shgan salmoqli hissasi uchun 1932-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni, 2001-yil  “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
M.Uyg`ur 1955-yil 16-oktabrda 58 yoshida vafot etadi.

Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 1978-yilda Surxondaryo viloyat musiqali drama teatriga Mannon Uyg’ur nomi beriladi. Joriy yilning 11-mart kuni O’zbek teatr san’ati rivoji yo`lida ulug ishlarni amalga oshirgan Mannon Uyg’ur tavalludiga 125 yil to’ldi.
O‘zbekiston xalq artisti Mannon Uyg‘ur tavalludining 125 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida xotira kechasi tashkil etildi.

Karnay-surnay sadolari ostida kutib olingan xotira kechasi ishtirokchilari dastlab Surxondaryo san’at saroyi davlat muassasasining kirish zalida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Shundan so‘ng madaniyat va san’at sohasi vakillari, yoshlar, OAV xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan xotira kechasi boshlandi. Tadbir avvalida O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Mannon Uyg‘ur hayoti va ijodi haqida ma’lumot berildi.

Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan xotira kechasiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Teatrlashtirilgan konsert dasturida teatr ijodkorlari, Termiz ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va Qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Xotira kechasi mahalliy va respublika OAVlarida yoritildi.

What's your reaction?

Leave a comment