Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri tarixi

Tashkil topgan sanasi: Teatr 1935 yil 26 aprelda Surxondaryo okrugining “Okrispolkom orgkomissiyasi”ning №10-sonli protokoli asosida Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri nomi bilan tashkil topgan.

    1. Teatrning to‘liq nomi: Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri
    2. Teatr toifasi: I-toifa
    3. Teatr manzili: Termiz shahri
    4. Tassarrufi: Tassarrufiga ega emas.
    5. Yo‘nalishi: Musiqali drama teatri
    6. Xizmat telefoni: 224-02-96,
    7. Tomoshabin zali o‘rindiqlari soni 700  tadan iborat.

Teatrning ijodiy yo‘li: Ushbu teatr sahnasida ilk bor Afandixon Ismoilov tomonidan Hamzaning “G‘olibiyat” asari sahnalashtirilgan. Teatr saxnasida shu davrda sahnalashtirilgan K.Yashinning “Ikki kommunist”, “Gulsara”, Hamzaning “Maysaraning ishi”, N.Safarovning “Uyg‘onish”, U.Xojibekovning “Arshin mololon”, Xurshidning “Farxod va Shirin” spektakllari teatr jamoasining badiiy mahoratini oshishiga zamin yaratdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etgan S.Abdulla, Chustiyning “Qurbon Umarov”, Korneychukning “Front”, K.Simonovning “Rus masalasi”, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, S.Abdulla, T.Jalilovning “Tohir va Zuhra”, K.Yashinning “Nurxon”, “O‘lim bosqinchilarga”, “Oftobxon” spektakllari viloyat madaniy hayotida katta voqeyilik va mahorat maktabi vazifasini o‘tagan.

Bir qancha isteʼdodli aktyorlarning jang maydoniga ketganligi, urush tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik teatrga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatgan. Shu bois 1948 yilda teatr truppasi Buxoro teatriga qo‘shib yuborilgan.

1957 yilda viloyat madaniy hayotida muhim tarixiy voqea yuz berib, teatr qayta tashkil qilinadi. Unga “Surxondaryo oblast o‘zbek davlat musiqali drama teatri” maqomi beriladi.

Shundan so‘ng bu ijod maskanida davr bilan hamohang bo‘lgan, yangi talqin va yechimda sahnalashtirilgan barcha spektakllar tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olina boshladi. Avvalo, teatr jamoasi o‘zbek milliy dramaturgiyasiga murojaat qilib, T.Sobirovning “Uch bahodir”, X.G‘ulomning “Farg‘ona hikoyasi”, D.Fayziyning “Zarafshon qizi”, H.Vohitning “Birinchi muhabbat”, A.Jamolning “Ko‘z ilg‘amas soyalar”, K.Yashin, T.Jalilovning “Ravshan va Zulxumor”, S.Abdulla, T.Jalilovning “Alpomish”, “Tohir va Zuhra”,  Xurshidning “Layli va Majnun” spektakllarini sahnalashtirdi.  Bundan tashqari jamoa jahon klassik asarlariga ham o‘z eʼtiborini qaratib, Goldonining “Ikki boyga bir malay”, S.Jamolning “Guli siyoh”, I.Stadnyukning “Xavfli uchrashuv”, Makayonokning “Tribunal” asarlarini sahnalashtirishdi. Bu spektakllar o‘ziga xos talqini va ijro uslubi bilan tomoshabinlarda katta taʼsurot qoldirdi va mutaxassislar tomonidan esa iliq va samimiy  fikrlar bilan kutib olingan.

Teatr jamoasining ijodiy yo‘li hamisha mamlakatimiz jamoatchiligining diqqatini o‘ziga jalb etib keldi, 1964 yilda mamlakatimizning 40-yilligini nishonlanishi munosabati bilan teatr jamoasi Toshkent shahriga taklif qilindi.  Unda K.Yashinning “Nurxon” musiqali dramasi namoyish etildi. Ayollar ozodligi va erkinligini o‘zida aks ettirgan ushbu spektakl

O‘z davri uchun qahramonlik darajasiga ko‘tarilgan “Nurxon” obrazini maromiga yetkazib ijro etgan X.Boboxonova va aktyor Z.Olimovlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

1967 yilda teatr jamoasi ikkinchi bor poytaxtga taklif qilinadi, ushbu gastrol safarida S.Jamolning “Guli siyoh”, O‘.Umarbekovning “O‘liklar kechirmaydi”, I.Stadnyukning “Xavfli uchrashuv”, R.Bekniyoz, X.Islomovning “Ikki o‘t orasida”, X.Azimovning “Taqdir”, “Niqob” spektakllari keng jamoatchilik uchun namoyish etiladi. Bu spektakllarning barchasi  mutaxasislar tomonidan g‘oyaviy mazmuni va ijro uslubining yuksak darajaga yetgan degan xulosa bilan baxolanadi. Ushbu ijodiy safarda esa jamoa aʼzolaridan T.Latipova va M.Majidovlarga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni beriladi.

Ijodiy safardan ruxlangan teatr jamoasi o‘z repertuarini E.Vohidovning “Oltin devor”, Z.Fatxulinning “Xijron alangasi”, Yo.Mirzoning “Olmos oltin”, T.Sobirovning “Qaydasan hayot”, T.To‘laning “Qizbuloq”, Xugayevning “Sofiya qo‘shig‘i” kabi bir qancha yangi spektakllar bilan boyitgan.

1974 yil teatr jamoasi uchun unitilmas yil bo‘ladi. Chunki teatrga davlat tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jixozlangan yangi bino beriladi. Zabardast va isteʼdodli sanʼatkorlar teatrga rahbar etib tayinlandilar: A.Karimov direktor, M.Ravshanov bosh rejissyor, V.Mixaylichenko bosh rassom sifatida ishga kirishdilar. Shu yili jamoaga Toshkent teatr va rassomchilik institutini tugatib kelgan M.Abduqunduzov, Z.Otaboyeva, T.Ergashev, Q.Burxonov, D.Solixova, N.Saidova singari serg‘ayrat isteʼdodli yosh kadrlar qo‘shilib jamoa faoliyati yana-da mustahkamlanadi.

Teatr hayotida juda katta ijodiy, badiiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Yoshlar tashabbusi bilan O‘zbekiston teatr sanʼatida ilk bor yoshlar ijodiy seksiyasi tuziladi. Ustoz sanʼatkorlar, rahbarlar va tinib-tinchimas yoshlarning ijodiy izlanishdagi mushtarakligi teatr repertuarini bir qancha badiiy barkamol va original sahna asarlari bilan boyitadi. Badikovning “Qoraqum fojiasi”, S.Ahmadning “Ufq”, M.Karimovning “O‘n sakkiz yoshligim”, F.Shillerning “Makr va muhabbat”, Yo.Mirzoning “Burgut” respublika teatrlari orasida birinchi bo‘lib sahnalashtirilgan V.Shukshinning “Serg‘ayrat kishilar” spektakllari fikrimiz isbotidir. Ayniqsa teatrda sahnalashtirilgan Hamzaning “Maysaraning ishi” spektakli o‘z talqini, ijro uslubi va zamonaviyligi bilan mutaxassis va tomoshabinlarni lol qoldirgan. Spektakl Termiz varianti deya mutaxassislar tomonidan yuksak baholangan. Shuningdek, Ch.Aytmatovning “Oq kema”, Mitrofanovning “Aybiga iqror”, B.Ravenskix, M.Ancharovning “Hayajonli qo‘shiq” spektakllari o‘zbek teatri sahnasida ilk bor rus tilida sahnalashtiriladi. M.Bayjiyevning “Kuyov va kelin” spektakli esa teatr jamoasining ijodiy imkoniyati katta ekanini yana bir bor isbotlaydi.

Teatr jamoasi ijodiy izlanishlar bilan bir qatorda katta tashabbus bilan chiqib, viloyatda “Teatr kunlari” o‘tkaziladi va bu anʼanaga aylanadi.

Jamoa bilan qishloq ahli o‘rtasida aloqa mustahkamlanib hamkorlik o‘rnatildi. Natijada Jarqo‘rg‘on, Muzrabod, Sariosiyo, Denov, Uzun tumanlarida “Halq teatri” unvoniga sazovor bo‘lgan badiiy jamoalar tashkil topadi.

Teatr jamoasining tinimsiz mexnatlari va ijodiy yutug‘lari evaziga 1978 yilda unga o‘zbek teatri asoschisi Mannon Uyg‘ur nomi berilgan.

1979 yilda teatr uchinchi marta Toshkent gastrol safariga taklif etilgan. Gastrolda namoyish etilgan “Maysaraning ishi” Hamza, “Ufq” S.Ahmad, “Makr va muhabbat” Shiller, “Oq kema” Ch.Aytmatov, “Serg‘ayrat kishilar” V.Shukshin, rus tilida “Kuyov va kelin” M.Bayjiyev, “Zo‘ldir” A.Ibrohimov spektakllari betakror talqin, o‘ziga xos yechim va yuksak ijro uslubi bilan poytaxt jamoatchiligi va mutaxassislar eʼtiboriga tushadi. Teatr ijodiy faoliyati haqida samimiy va iliq fikrlar bildiriladi.

Gastrol safardagi tomoshabinlar olqishi va mutaxasislarning  yuksak baxolaridan ruhlanib qaytgan jamoa D.Valiyevning “Sirli kun”, A.N.Ostrovskiyning “Sepsiz qiz”, Ch.Aytmatovning “Momo yer”, Z.Fatxulinning “Vatan ishqi”, K.Amirovning “Quyosh barchaga nur sochsin”, A.Proxanovning “Afg‘on reportaji”, K.Yashinning  “General Rahimov”, “Gulsara”, A.Ibrohimovning “Bir o‘likka bir tirik” kabi qator sahna asarlarini yaratishadi.

1985 yili teatrning 50-yillik yubileyi Respublika miqyosida keng nishonlanadi.

1989 yilda teatr jamoasi to‘rtinchi bor poytaxtga gastrol safariga boradi. Unda Z.Fatxullinning “Vatan ishqi”, Vishnevskiyning “Hayotbaxsh o‘lim”, A.N.Ostrovskiyning “Sepsiz qiz”, M.Xayrullayevning “Olam senniki”, U.Azimning “Bir qadam yo‘l”, A.Ibrohimovning “Bir o‘likka bir tirik”, E.Vohidovning “Istambul fojiasi” spektakllari namoyish etiladi va teatr mutaxassislari hamda poytaxt tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olinadi.

Teatr qisqa vaqt ichida o‘zining 7 nafar mahalliy dramaturglarni kashf etib, milliy ruhdagi asarlarini muvaffaqiyat bilan sahnalashtiradi. I.Otaqulovning “Qamashgan ko‘zlar”, M.Boboyevning “O‘lim halqasi”, N.Xayitning “Yulduz so‘ndi”, N.Pardaning “Adib Sobir Termiziy”, X.Maqsadqulovning “Sadoqatli arvoh”, Sh.Pardayevning “Osmonsiz uy”, X.Xursandovning “Kampir topaymi, dadajon”, “Muhabbatim qismatim mening”, “Qaysar cholning qilig‘i”, “Pogon taqqan odamlar”, “Sudxo‘rning pari qizi” va “Dard ko‘rmagan erka bolam” asarlari shular jumlasidandir.

Teatrda milliy urf-odatlarni tarannum etuvchi va ulug‘lovchi asarlar sahna yuzini ko‘radi. F.Musajonovning “Olifta”, X.Rasulning “Uzoqdan kelgan kuyov”, R.Muhammadjonovning “Aka-uka sovchilar”, Sh.Boshbekovning “Temir xotin”, X.Muhammadning “Xotinlar hazili”, Hamzaning “Jononga bordim bir kecha” asarlari bunga misol bo‘laoladi. Bundan tashqari qadimiy qadriyatlarimiz, folkor-etnografik sanʼatimiz, anʼana va udumlarimizni tiklash, ularni boyitish, sayqal berish, tomoshabin eʼtiboriga yetkazish maqsadida M.Xayrullayevning “Olam senniki”, N.Niyozmetovning “Qorbobo va Yalmog‘iz”, M.Qodirovning “Sehrli uzuk”, U.Azimning “Bir qadam yo‘l”, X.Xursandovning “Qaysar cholning qilig‘i”, “Kampir topaymi, dadajon”, E.Xushvaqtovning “Qalliq o‘yini”, “Chimildiq”, O.Salimovning “Sehrli qop”, J.Mahmudning “Osmondan tanga yoqqan kun”, “Dangasalar saltanati” spektakllari sahnalashtirilgan.

Xalqimiz tarixini, madaniyatini, adabiyotini va sanʼatini sahna asarlari vositasida keng targ‘ib qilish, milliy davlatchiligimiz tarixini yoritish, buyuk ajdodlarimiz siymosini yaratish maqsadida Uyg‘un, I.Sultonning “Alisher Navoiy”, Q.Abdunabiyevning “Amir Temur va Yildirim Boyazid”, U.Azimning “Alpomishning qaytishi”, N.Pardaning “Adib Sobir Termiziy”, T.Zulfiqorovning “Qafasdagi kaklik” asariga Sh.Rahmatullayev tatabbusi asosida yaratilgan “Shoh va shoir” spektakllari yaratilgan.

Terrorizm, diniy aqidaparastlik, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashish, ogohlikka daʼvat etish, yoshlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yod g‘oyalar taʼsiridan asrash maqsadida M.Boboyevning “Qo‘ng‘iroqlar jarangi”, X.Rasulning “Farishta”, “Dard ko‘rmagan erka bolam”, R.Orifjonovning “Uyqusiz tunlar”, M.Hazratqulovning “Intizor”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi loyihasi asosida sahnalashtirilgan “Xazon bo‘lgan umrlar” kabi spektakllar yaratilgan.

1994 yil sahnalashtirilgan N.Pardaning “Adib Sobir Termiziy” spektakli ijodkorlaridan bir guruhi viloyat kasaba uyushmalari kengashi taʼsis etgan “Sobir Termiziy” mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

1995 yilda teatrning 60 yilligi respublika miqyosida keng nishonlanadi.

1996 yil Q.Abdunabiyevning “Amir Temur va Yildirim Boyazid” spektakli uchun rejissyor M.Ravshanov halqaro teatr festivalining bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. H.Oripovning “Amir Temur” roli uchun, R.Mamataliyev “Yildirim Boyazid” roli uchun, B.Ramazanov “Masxara” roli uchun “Eng yaxshi rol” naminatsiyasi berilib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanganlar.

1997 yil Z.Boqiyeva J.Mahmudning “Toshmat tajang uylanarmish” va I.Otaqulovning “Qamashgan ko‘zlar” spektakllaridagi Oftobxon va Kattabekova rollari uchun “Yilning eng yaxshi ayoli roli uchun” naminasisini qo‘lga kiritgan.

1999 yilda X.Rasulning “Farishta” spektaklida “Ona” obrazini yaratgan G.Ravshanova “Yilning eng yaxshi ayol roli-Sahna malikasi” mukofoti bilan taqdirlangan.

2001 yil X.Xursandovning “O‘lding aziz bo‘lding” spektakli “Andijon bahori-2001” festivalida teatr jamoasi “O‘lding aziz bo‘lding” spektakli bilan ishtirok etgan. Sahnalashtiruvchi rejissyor M.Ravshanov “Rejissurada yangi talqin” uchun bosh sovrin Gran-Pri bilan taqdirlangan.

2002 yilda o‘tkazilgan “Sarhisob” respublika teatrlar sanʼati festivalida rejissyor M.Ravshanov “Rejissyorning dramaturg bilan hamkorligi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

2004 yil G.Ravshanova “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘lgan.

2005 yil “Xazon bo‘lgan umrlar” spektaklining rejissyori F.Boltayev “Debyut-2005” festivalining qimmatbaho sovg‘asi bilan mukofotlangan.

2005 yilda “Boysun Bahori” Halqaro folklor-etnografik festivalida X.Xursandovning “Kampir topaymi, dadajon” spektakli g‘olib deb topilib, diplom bilan taqdirlangan.

2007 yilning aprel oyida teatr jamoasi Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida o‘tkazilgan “Navro‘z-2007” akademik teatrlarning Xalqaro teatr festivalida X.Xursandov asari “Qaysar cholning qilig‘i” spektakli bilan ishtirok etgan.

2008 yil 10-20 oktyabr kunlari teatr ijodiy jamoasi Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan XX Xalqaro eksprimental teatrlar festivalida X.Xursandov asari “Qaysar cholning qilig‘i” spektakli bilan ishtirok etgan.

2010 yilda Qozog‘iston Respublikasining Almata shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlarining Xalqaro teatrlar festivalda X.Xursandov asari “Qaysar cholning qilig‘i” spektakli bilan ishtirok etib 3-o‘rinni olgan. Shuningdayek G.Ravshanova “Eng yaxshi ayol roli” va Yu.Mirqurbonov “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasiga loyiq topilgan.

2011 yil may oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz, zamondosh” I Respublika ko‘rik-tanlovida X.Xursandovning “Shijoat” spektakli bilan ishtirok etgan.

2011 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro “Teatr.uz-2011” festivalida Sh.Rizayevning “Ona” spektakli festivalning “Eng mukammal spektakli” deb baholangan.

2013 yil may oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz, zamondosh” II Respublika ko‘rik-tanlovida X.Xursandovning “Alla” spektakli bilan ishtirok etgan. Spektakl rejissyori M.Ravshanov “Eng yaxshi rejissura” va G.Ravshanova Momo roli uchun “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasini qo‘lga kiritishgan.

2014 yil 14-20 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Debyut-2014” ko‘rik festivalida E.Norsafarning “Tog‘ bulbulining so‘nggi xonishi” dramasi “Yilning eng yaxshi drama asari” nominatsiyasiga munosib topilgan.

2014 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Eʼtirof-2014” ko‘rik tanlovida R.Muhammadjonovning “Oydin” dramasi “Yilning eng yaxshi spektakli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

2015 yil teatrning 80 yillik yubileyi Respublika miqyosida keng nishonlangan.

2016 yilda teatr jamoasi tomonidan T.Zulfiqorovning “Qafasdagi kaklik” asariga Sh.Raxmatullayev tatabbusi “Shoh va Shoir”, musiqali romantik drama, I.Sulton va Uyg‘un asari “Alisher Navoiy” drama, O.Rizayev, A.Azizxo‘jayev asari “Xazon bo‘lgan umrlar” spektakllari va N.Axmedova g‘oyasi asosida “Oltin sochli Malika” bolalar uchun yangi yil tomoshasi sahnalashtirilgan. Mazkur tomosha Respublikada birinchi bo‘lib sahnalashtirilgan va jajji tomoshabinlar uchun munosib yangi yil sovg‘asi bo‘lgan. Shuningdek, teatrda ustoz-shogirdlik anʼanalarining yaxshi yo‘lga qo‘yilganiligi bois, jamoaning yosh ijodkorlari tashabbusi bilan rejadan tashqari Sh.Mahkamovning “Xazina” komediya janridagi asari sahnalashtirilib, tomoshabinlarga namoyish etilgan.

2016 yil isteʼdodli aktrisa N.Axmedova, serqirra ijodkor, rejissyor va aktyor F.Boltayevlarning ijodiy kechasi o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 martdagi “Bahor nafasi” Xalqaro sanʼat festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi 31-sonli va Surxondaryo viloyat hokimining 2017 yil 6 apreldagi 05-01/105-sonli majlis bayonlariga asosan o‘tkazilgan “Bahor nafasi” Xalqaro sanʼat festivali doirasida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi 30 aprel 2 may kunlari Toshkent shahriga xizmat safarida bo‘lgan. Jamoa tomonidan T.Zulfiqorovning “Qafasdagi kaklik” asariga Sh.Raxmatullayev tatabbusi “Shoh va shoir” spektakli O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida namoyish etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mutasaddilari, teatrshunos, sanʼatshunos olimlar, taniqli aktyorlar tomonidan spektakl mohiyati, aktyorlarning ijro mahorati juda yuksak baholangan. Festival tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida yoritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 apreldagi 73-sonli majlis bayoni ijrosi va shu asosdagi Surxondaryo viloyati hokimligining 2017 yil 6 maydagi 05-01/139-sonli “Boysun bahori” folklor festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning majlis bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2017 yilning 12-14 may kunlari Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi Boysun tumaniga xizmat safarida bo‘lib, X.Xursandov, V.Umarovlarning “Ayol haqida qasida” musiqali folklor tomoshasini namoyish etgan.

 2017 yilning 27 iyunidan 2 iyul kuniga qadar mamlkatimiz poytaxti Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz, Zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining IV-respublika ko‘rik-festivalida teatr ijodkorlari ishtirok etib faxrli III-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Festivalda rejissyor F.Boltayev tomonidan sahnalashtirilgan R.Orifjonov, A.Ergashevlarning  “Chegarachi” spektakli namoyish etilgan.

2017 yilning quvonchli voqealaridan biri viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida teatrga bitta avtobus, 1 ta damas avtomashinasi berilgan. Shuningdek viloyat rahbari tomonidan teatrning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, kadrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir milliardan ortiq mablag‘lar homiylik asosida teatr hisob raqamiga o‘tkazilib berilgan.

2017 yil Faxriddin Abduvohidov muallifligida “Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri kecha va bugun” nomli kitob chop etilgan. Ushbu kitob chop etilishida teatrning direktor o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev, Bosh rejissyori M.Ravshanov, Adabiy bo‘lim mudiri F.Toyirovlar yaqindan yordam berishgan. Ushbu monografiya o‘zbek teatri va uning tarixi bilan qiziquvchi keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan sanʼat o‘quv yurtlari talabalari ham qo‘llanma sifatida foydalanishlari mumkin.

2018 yil 19-20 yanvar kunlari Muhtaram yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida Surxondaryo “Surxondaryo Sanʼat Saroyi” davlat muassasasiga tashrif buyurib, teatr ijodkorlari bilan uchrashgan. Uchrashuv doirasidagi samimiy muloqot chog‘ida Prezidentimiz teatr sanʼati xodimlari oldida turgan vazifalar xususida to‘xtalib, mamlakatimiz janub gavhari bo‘lgan Surxon zaminida umrguzaronlik qilgan buyuk bobokalonlarimiz Termiziylar hayoti va ijodidan nafaqat yurtimiz balki dunyo ahlini voqif etish, ularning  hayoti va dunyo ilm fani rivoji yo‘lidagi buyuk xizmatlarini aks ettiruvchi sahna asarlarini yaratish, bugungi zamon qahramonlari obrazini gavdalantiradigan spektakllarni yaratish zarurligi borasida o‘z tavsiyalarini berganlar. Shu maqsadda hukumat rahbari tomonidan 2 milliard so‘m teatrga ajratilishi aytildi va bu mablag‘lar teatrning hisob raqamiga o‘tkazilgan. Yurtboshimiz ilgari surgan fikrlarga hamohang tarzda rejissyor F.Boltayev tomonidan K.Hamrayevning “Ziyo qalʼasi”, U.Azimning “Alpomishning qaytishi” spektakllari sahnalashtirilgan.

2018 yil 17 mart kuni “Surxondaryo Sanʼat saroyi” davlat muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tadbirda teatr jamoasining teatrlashtirilgan konsert dasturi va madaniyat muassasalarining chiqishlari namoyish etilgan. Ushbu tantanali tadbir viloyat va respublika ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka namoyish etilgan. Teatr jamoasi “Surxondaryo Sanʼat saroyi” davlat muassasasiga ko‘chib o‘tgan.

27-mart Xalqaro teatr kuni bayrami munosabati bilan 2018 yil 25 mart kuni “Surxondaryo Sanʼat Saroyi” davlat muassasasi binosida V.Umarov, X.Xursandovlarning  “Ayol xaqida qasida” spektakli namoyish etilgan.

2018 yilning 31 mart kuni “Alpomishning qaytishi” spektaklini premerasi bo‘lib o‘tgan. Ushbu premeraga Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat hokimligi rahbarlari, madaniyat boshqarmasi, Termiz davlat universitetining jamoasi oila aʼzolari bilan tashrif buyurganlar. Spektakl namoyishidan so‘ng Termiz davlat unversiteti rektori Abduqodir Toshqulov teatr ijodkorlarini spektakl premerasi bilan tabriklab, viloyat ahli uchun yaratilgan bunday imkoniyat, zamonaviy qulayliklar uchun Prezidentimizga barcha ishtirokchilar nomidan minnatdorchilik bildirgandi. Tadbir barcha ommaviy axborot vositalari, internet sayitlari, gazeta nashrlarida yoritilgan. Shuningdek,  2018 yil Aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida, teatrda ochiq eshiklar kuni o‘tkazilgan.

2018 yil 16-19 aprel kunlari teatr jamoasi Toshkent shahriga gastrol safari uyushtirgan. Gastrol doirasida namoyish etilgan “Alpomishning qaytishi” spektakli haqida teatr jurnalida maqola eʼlon qilingan. Ushbu spektakl to‘liq yozib olinib “Madaniyat va maʼrifat” kanali orqali keng ommaga namoyish etilgan.

2018 yil 23 aprel kuni Surxondaryo viloyat televideniyesida “Alpomishning qaytishi” spektaklining asosiy qahramonlari obrazini gavdalantirgan F.Boltayev va N.Axmedovalar bilan bo‘lgan suhbat efirga uzatilgan.

2018 yil 27-29 aprel kunlari Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” folklor festivalida V.Umarov va X.Xursandovlarning “Ayol xaqida qasida” va U.Azimning “Alpomishning qaytishi” spektakllari va teatrlashtirilgan konsert dasturi bilan ishtirok etgan.

2018 yil  9 may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda urush va mehnat faxriylari ishtirokida tantanali tadbir tashkil etiladi. Tadbirda teatr jamoasi tomonidan urushning og‘ir va mudhish oqibatlari, tinchlik neʼmatining qadri, beqiyos ahamiyatini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturi namoyish etilgan.

2018 yil 11 may kuni O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti,  Muhammadali Abduqunduzov taklif etilib, teatr ijodiy xodimlariga mahorat darsi tashkil etilgan.

2018 yil 26 iyun kuni rejissyor F.Boltayev tomonidan K.Xamroyevning “Ziyo qalʼasi” spektakli jamoatchilik ko‘rigidan o‘tkazilgan. 2018 yil 27 iyun kuni “Ziyo qalʼasi” spektakli 27-iyun “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga namoyish  etilgan. Ishtirokchilarning olqish va eʼtiroflariga sazovor bo‘lgan ushbu spektakl premyerasi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan.

2018 yil 28 iyul kuni Oltinsoy tumanida o‘tkazilgan “Baxshi-shoir, oqin va jirovlarning” Respublika festivalida teatr ijodiy guruhi teatrlashtirilgan konsert dasturi va “Alpomishning qaytishi” spektaklidan parchalar namoyish etgan. Mazkur festival taʼsurotlari va teatr jamoasining chiqishlari respublika va mahallliy OAVlarida keng yoritilgan.

2018 yil 26 avgust kuni teatrning 83-ijodiy mavsumi T.Zulfiqorov asariga Sh.Raxmatullayev tatabbusi “Shoh va Shoir” spektakli bilan ochilgan.

Anʼanaga muvofiq 2018 yil O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yillik shodiyonalari arafasida mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh vatandoshlarimiz davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanganlar. Ular orasida teatrda uzoq yillardan buyon ham aktyor, ham rejissyor sifatida o‘z isteʼdodini namoyon etib kelgan, yosh aktyorlarning jonkuyar ustozi Farxod Boltayevning ham borligi teatr jamoasining cheksiz quvonchiga sabab bo‘lgan.  2018 yil 28-avgust kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan tantanali marosimda yuksak mukofotlar o‘z egalariga topshirilgan.

2018 yil 6-10 sentyabr kunlari Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilk marotaba Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz shahrida o‘tkazilgan “Xalqaro maqom sanʼati” festivali doirasidagi tadbirlarda teatr jamoasi “Ayol haqida qasida” spektakli va teatrning harakatdagi repertuaridan o‘rin olgan spektakllarning asosiy qahramonlari Amir Temur, Alisher Navoiy, Alpomish va Oybarchin obrazlarini gavdalantirishgan. Mazkur tadbirdagi  teatr jamoasining ishtiroki Respublika telekanallari va Ishonch telekanali orqali keng yoritilgan.

2018 yil 27-29 sentyabr kunlari “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan teatr jamoasi yosh avlodni tarbiyalash, ilm chanqoq qalblarni ziyo nurlaridan bahramand etib kelayotgan o‘qituvchilar, faxriy ustozlar uchun “Alisher Navoiy” spektaklini namoyish etishgan. Mazkur spektaklda ilk marotaba Husayn Boyqaro obrazini O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining xalq artisti, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori Muhammadali Abduqunduzov ijro etgan.

2018 yil 21-25 noyabr kunlari teatr jamoasi “Ayol haqida qasida” spektakli bilan Qashqadaryo viloyatiga gastrol safari uyushtirgan.

2018 yil 14 dekabr kuni  Q.Norqobilning “Zamindan olis ketma” spektakli Jamoatchilik Kengashi ko‘rigidan o‘tkazilgan.

2018 yil 15 dekabr kuni davlat va jamoat arbobi, “Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Ch.Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan adib qalamiga mansub “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasi sahnalashtirilgan “Shunqor” spektakli Jamoatchilik Kengashi ko‘rigidan o‘tkazilgan.  Spektakl primerasi haqida Sevimli telekanalining “Zamon” informatsion dasturi va 16-17 dekabr kunlari Ishonch telekanali orqali lavhalar efirga uzatilgan.

2019 yil yanvardan teatr jamoasi “Al-Hakim at-Termiziy”, “Jon qizlar” spektakllarini sahnalashtirish ishlarini boshlab yuborilgan.

2019 yil mart oyida 8 mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda teatr bosh baletmeysteri Sh.Jo‘rayeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

2019 yilning 14-23 mart kunlari Eron Islom Respublikasining Kish orolida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro Navro‘z festivaliga  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tavsiyasiga ko‘ra Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasini ham qatnashishi bildirilgan. Shu munosabat bilan teatr jamoasi festivalga ishtirok etish uchun xalq og‘izaki ijodi asosida milliy qadriyat va anʼanalarimizni tarannum etuvchi “Navro‘zbek va Bahoroy” musiqali folklor tomoshasini sahnalashtirdi.

2019 yilning 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan “Xalqaro baxshichilik sanʼati” festivalida teatrlashtirilgan tomoshalar, tarixiy shaxslar siymolari bilan ishtirok etdi.

Teatrda quyidagi ijodiy xodimlar Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan:

Teatr bosh rejissyori Ravshanov Mansur Temirovich “O‘zbekiston sanʼat arbobi” unvoni, 2010 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Ravshanova Gulnora Xasanovna “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni sohibasi.

Teatrning “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”  unvoni sohiblari  5 nafar:

Oripov Homid Shaymardonovich, Choriyev Chorshanbi, Mirqurbonov Yuldash

Mirqurbonovich, Ramazanov Bazar Avazovich, Burxonov Qudratillo.

2001 yil Shaydullo Xudayberdiyev “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2018 yil Boltayev Farxod Nazarovich “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2019 yil Jo‘rayeva Shoira Shoniyozovna “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Adabiy bo‘lim mudiri                                    F.Toyirov