Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri drama aktyorligi bo‘yicha sahna ustasi Ravshanova Gulnora Hasanovna

 O‘zbekiston halq artisti

Gulnora Ravshanovananing yuksak mahorati va teatr sahna sanʼatidagi samarali mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2004 yilda “O‘zbekiston halq artisti” faxriy unvoni berildi. Umumiy mehnat faoliyati 53 yil. Ushbu teatrda 1963 yilda buyon samarali mehnat qilmoqda.

1963 yildan buyon G.Ravshanova  teatr sahnasida bir-biridan ajoyib turli janrdagi 100 dan oshiq obrazlarni yaratib, o‘z muxlislarini topgan iqtidorli aktrisadir.  “Amir Temur va Yildirim Boyazid” spektaklida Bibixonim va Ona Turk, “Alpomishning qaytishi”da Kuntug‘mishbeka, “Kelinlar  qo‘zg‘oloni”da  Sotti,  “Maysaraning  ishi”da Maysara, “Ona”da Ona, “Makr va Muhabbat”da Ledi Milfrod, “Taqdir eshigi”da Ayol, “Osmonsiz uy”da Bibi, “Momo yer”da To‘lg‘anoy, “Farishta”da Xuri aya, “Qaysar cholning qilig‘i”da Marsiyachi ayol, “Muhabbatim qismatim mening”da Malika, “Sudxo‘rning pari qizi”da Xumor, “Xazon bo‘lgan umrlar”da Ona, “Intizor”da Saodat aya, “Qo‘ng‘iroqlar sadosi”da Kampir, “G‘ariblar”da Ona, “Alla”da Norgul momo  “Ayol haqida qasida”da Momo va boshqa bir qator sahna asarlarida   yaratgan  obrazlari   aktrisaning yorqin talqini va badiiy yetukligi bilan ajralib turadi.

2010 yil Qozog‘iston Respublikasi Olmota shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro teatr festivalida namoyish etilgan X.Xursandovning “Qaysar chol” spektaklidagi G.Ravshanova yaratgan Marsiyachi ayol  obrazi festivalda “Eng yaxshi  ayol roli” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi «O‘zbekiston madaniyati va sanʼati forumi» jamg‘armasi hamkorligida 2011 yilning 17-26 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan II-Xalqaro teatr sanʼati festivalida Sh.Rizayev asari asosida sahnalashtirilgan “Ona” spektaklida bosh rol Ona obrazini ijro etib, festivalda “Eng yaxshi ona roli”  Nominatsiyasi  bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

2013 yilning 23-28 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan II-Respublika teatrlar tanlovida teatr “Alla” spektakli bilan ishtirok etib, “Eng yaxshi ayol roli”  nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. G.Ravshanova o‘zbek teatr sanʼatini nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga tanitilishda katta xizmatlar qildi.

G.Ravshanova 2007 yil 5-12 aprel kunlari Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Navro‘z-2007”, 2008 yil Qohira va 2010 yil Almata shaharlarida  xalqaro   eksprimental  teatr festivallarida, 2011 yil 27 avgust kuni O‘zbekiston teatrlari sanʼati festivali 1-Respublika tanlovida hamda 2013 yilning 23-28 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan II-respublika ko‘rik festivalida ishtirok etib, u yaratgan obrazlar festival  ishtirokchilari va xayʼat aʼzolari tomonidan yuksak  baholangani,  tomoshabinlarning eʼtiroflari fikrimizning amaldagi ifodasidir.

Gulnora Hasanovna biri-biridan ajoyib takrorlanmas obrazlari bilan teatr ixlosmandlari va tomoshabinlar qalbidan chuqur o‘rin olgan, sanʼatni umrining mazmuniga aylantirgan va teatr sanʼati rivojida o‘ziga xos maktab yarata olgan buyuk isteʼdod sohibi.

G.Ravshanova teatrda o‘zining hayotiy tajribalari va o‘gitlari bilan, mehnatsevarligi, fidoiyligi va shirin kalomligi bilan obʼro‘-eʼtibor qozongan mehribon ustozdir. Shu bois uning o‘gitlari va maslahatlariga amal qilib, sahnada yangi-yangi obrazlarni zo‘r mahorat bilan yaratayotgan aktyorlarning ustozni izdoshi bo‘lishga intilayotganliklari tahsinga loyiq. Hayot yo‘li va tajribasi bilan yoshlarga o‘rnak, namuna bo‘lib kelayotgan bu insonni teatrda ayajon deya murojaat qilishadi. Chindan ham umr daftarini ezguliklar bilan bezab kelayotgan G.Ravshanova singari sanʼat darg‘alarining hayotlari havas qilsa arzigulik. Insonlarga bir ona kabi mehr-muhabbat ko‘rsata oladigan, har qanday masalada hayot tajribasidan kelib maslahat, ko‘mak beradigan bunday insonlarga havas qilsa, ularga izdosh bo‘lsa, doimo ardoqlasa arziydi.

G.Ravshanovaning nafaqat viloyat balki, o‘zbek teatr sanʼati rivojida munosib o‘rni bor. G.Ravshanova kabi noyob isteʼdod sohibalari bilan zamondosh bo‘lish, bir jamoada ishlash kishiga huzur baxsh etadi.