Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri drama aktyorligi bo‘yicha sahna ustasi Choriyev Chorshanbi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist

 Ch.Choriyev ijodining dastlabki davridan boshlab musiqali sahna asarlarining mohir ijrochisi sifatida tomoshabinlar va mutaxassislar eʼtiboriga tushdi. Ovoz diapozoni va aktyorlik mahorati uning ko‘plab musiqali  dramalarda bosh rollarni ijro etishiga imkon beradi. Xususan uning “Adib Sobir Tremiziy”da Otsiz Xorazm shoh, “Nurxon”da Haydar,  “Vatan ishqi”da Olimjon, “Gulsara”da Qodirjon, “Arshin mol olon”da Askar, “Alisher Navoiy”da Majdiddin, “Kampir topaymi, dadajon”da Juma bobo, “Alpomishning qaytishi”da Ultontoz, “Qaysar cholning qilig‘i”da Mahalla raisi, “Muhabbatim qismatim mening”da Mo‘min, “Bir qadam yo‘l”da Jo‘ra, “Sudxo‘rning pari qizi”da Jo‘ra chol, “Davlat bolalari”da Butur, “Shox va shoir”da Said Baraka, “Amir Temur va Yildirim Boyazid”da Shayx Nuriddin, “Qo‘ng‘iroqlar sadosi”da Bek, “Qirra bobo qissasi”da Chori, “Alla”da Safar “Shox va shoir”da Hazrat va boshqa bir qator spektakldagi rollari, mutaxasislar va tomoshabinlar eʼtiborini qozongan.

Ch.Choriyev 2007 yil Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Navro‘z-2007” xalqaro Akademik teatrlar festivalida, 2008 yil oktyabr oyida Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro eksperemental teatrlar festivalida va 2010 yil Qozog‘iston Respublikasi Almata shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro teatr festivallarida faol ishtirok etgan. Ijro etgan rollari bilan tomoshabinlar va teatrshunoslarning olqishlariga sazovor bo‘lgan.

Ch.Choriyev jamoat ishlarida faol. U viloyatimiz va mamlakatimiz bo‘ylab teatr ijodiy jamoasi tomonidan uyushtirilgan gastrol safarlarida ishtirok etib, muxlislar eʼtiborini qozonib kelayapti.

Ch.Choriyev mamlakatimizda nishonlanib kelinayotgan umum xalq bayramlarida  namoyish etilayotgan  teatrlashtirilgan tomoshalarda va bayramlar arafasida o‘tkaziladigan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarda, madaniy-maʼrifiy uchrashuv-larda faol ishtirok etib kelayapti.Ch.Choriyev ustoz sanʼatkor, yuksak mahoratli aktyor.

U yaratayotgan obrazini  to‘laqonli gavdalantira olishi barobarida, spektakl tizginini boshqara olish xususiyatiga ega. Ch.Choriyev spektaklda rol ijro etayotgandan o‘z partnyorini holatdan olib chiqish, spektakl tempo ritmini muvozanatda ushlab turish kabi xislatlari orqali butun boshli spektaklni boshqara oladi. Uning hatti-harakatlari, yaratayotgan obrazining hayoti bilan yashay olish kabi noyob qobiliyatlari tomoshabinlarni hamisha hayratlantirgan.

O‘z ijro mahorati bilan teatrning muvaffaqiyatli izlanishlariga, erishgan yutuqlariga munosib hissa qo‘sha olgan Ch.Choriyev 2006 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan” artist unvoni bilan taqdirlandi.