O‘zbekiston  xalq  artisti  Abdurahmon  Rahmatov

 1958 yildan boshlab teatr sahnasida, sahna ishchisi, rekvizitor va keyinchalik qator qaytarilmas obrazlarni yaratib, Surxondaryo teatrini yetuklik darajasiga ko‘targan O‘zbekiston xalq artisti Abdurahmon Rahmatov o‘zining ijodiy barkamollik yillarini fidoiylik bilan sahnaga baxshida qildi. U yaratgan “Nurxon”da Hoji, “Jon qizlar”da Sulton, “Zarafshon qizi”da brigadir Ermat, “Maysaraning ishi”da Hoji darg‘a, “Birinchi muxabbat”da Absalam, “Parvona”da O‘tkirbek, “Gineral Sobir Raximov”da kapitan To‘ychiyev, “Makr va muxabbat”da Vurm, “Alisher Navoiy”da Majdiddin, “Alpomish”da Qultoy, “Amir Temur va Yeldirim Boyazit”da Vazir kabi yuzga yaqin tomoshabinlar qalbidan joy olgan ajoyib obrazlarni yaratib, xalqimizning mehr-muhabbati va eʼtiboriga sazovor bo‘lgan katta aktyor edi. U teatr sanʼatida aktyorlik va ijrochilik mahorat sirlarini yoshlarga o‘rgatib, ko‘plab shogirdlar orttirdi. Bugun ham uning sanʼatkorlik sulolasining davomchilari bo‘lmish farzandi va nabirasi bobosi Abdurahmon Rahmatov izidan borib, Surxon teatr sanʼati nufuzini ko‘tarishda elu-xalqqa tanitishda, chet ellarga olib chiqilishida katta ijodiy ish qilib kelishmoqda. Yoshlar u kishining ijodini qizg‘in o‘rganib, aktyor ijodi to‘g‘risida kitoblar monografiyalar, maqolalar yozishayapti.