O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Soyib Nurmatov.
Surxondaryo teatrida ijod qilgan sanʼatkorlar sulolasining davomchisi aktyor Soyib Nurmatov o‘ziga xos tug‘ma talantga ega bo‘lgan sanʼatkorlardan biri edi. S.Nurmatov teatrni uzoq yillar repertuar siyosatini yana-da yaxshilashda ham alohida o‘rin egallagan va samarali ijod qilgan ustoz sanʼatkorlardan biri edi. U “Toshteshar” spektaklida Bozorqum, “Jon qizlar”da Rais, “Ravshan va Zulxumor”da Ersak, “Boy ila xizmatchi”da Boy, “Ikki boyga bir malay” komediyasida Trumfaldino, “Sertashvish keksalik”da professor Palejayev, “Maysarani ishi”da Hidoyatxon, “Sevmaganga suykanma”da Ota, “Sarviqomat dilbarim”da Bektosh, “Oq kema”da Ergash, “Ufq”da Ikrom, “Serg‘ayrat kishilar”da Varabyov, “Parvona”da Ikrom obrazlarini meʼyoriga yetkazib ijro qilgandi. S.Nurmatovning yaratgan har bir obrazi sira bir-biriga o‘xshamasdi. Har bir obraz talqini va xarakteri, aktyorning ijrochilik mahorati va ijodiy yondoshuvi sabab xilma-xilligi bilan ajralib turar edi. Fidoiy aktyor har bir obraziga juda katta mehnat qilib, obrazni badiiy yetuklik nuqtaʼi nazaridan to‘laqonli ijro etib tomoshabinga hadya qilar edi…