O‘zbekistonda  xizmat  ko‘rsatgan  artist  Zoxid  Olimov.

 Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrining tashkil etilishi, ijodiy faoliyatining yuksalishida munosib xizmat qilgan aktyor va rejissyor Zoxid Olimov ham sanʼat olamida fidokorona mehnat qilib o‘zidan yaxshi nom qoldirgan fidoiy insonlardan biri hisoblanadi. Z.Olimov aktyor sifatida “Ravshan va Zulxumor” musiqali dramada Go‘ro‘g‘li,  “Alpomish” musiqali spektaklida Qorajon, “Layli va Majnun”da Omir, “Gulsara”da Ota, “Nurxon”da Mamat, “Qotil” asarida esa bosh vrach obrazlarini meʼyoriga yetkazib ijro etgan o‘zbek teatri sahna sanʼatining noyob isteʼdodga ega sanʼatkorlaridan biri edi. U kishining rejissyorlik faoliyatida sahnalashtirgan ko‘plab asarlari teatrning repertuaridan uzoq yillar o‘rin olib kelgan. Sanʼatga uning rivojiga umrini, mehrini baxshida qilib, eʼzoz va eʼtibor qozongan Z.Olimov teatrga direktorlik qilgan  yillarda   ham    teatrning   ijodiy salohiyatini yuksaltirish yo‘lida beqiyos xizmatlar qilib etirofga molik ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, jamoada kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, mutaxassis kadrlarni ishga jalb etish, kadrlar malakasini oshirib borish, ustoz-shogirdlik anʼanalarini yo‘lga qo‘yishdagi xizmatlari tahsinga loyiq. O‘z faoliyati davomida sanʼatga umrini baxshida qilgan ustoz sanʼatkorning voha madaniyati va sanʼati, teatr sahna sanʼati rivojidagi yo‘lidagi samarali va mashaqqatli ishlari, ijodkorning hayot yo‘li bugun ham yosh ijodkorlar tomonidan o‘rganilib kelinmoqda.