Maxmudova Mayram Normurotovna

  M.Maxmudova ko‘p yillik faoliyati davomida sahnada badiiy yuksak obrazlar yaratib kelayotgan isteʼdodli aktrisalardandir. U ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida xarakterli qaytarilmas rollari bilan tomoshabinlar qalbidan mustahkam o‘rin oldi. Aktrisaning  “Nurxon”da – Nurxon, “Gulsara”da – Gulsara, «Qizil durrali nozik niholim»da – Asal, «Toshkentning nozanin malikasi»da Munavvar, «Kampir topaymi, dadajon»da – Mavludaxon,  «Sudxo‘rning Pari qizi»da – Asal, «Amir Temur va Yildirm Boyazid»da – Bibixonim, «Vatan ishqi»da – Qiz, «Kampir topaymi, dadajon»da – Sharofat, “Alla”da-Saodatxon, “Ayol xaqida qasida”da – Ona kabi yaratgan rollari ijrosi mutaxassilar tomonidan yuqori baholangan.

Shuningdek, Maxmudova Mayram ijro etib kelayotgan “Yor-yor”lar, “O‘lan”lar, «Xalq lapar»lari uning folklor-etnografik sanʼatining jonkuyari va mohir ijrochisi ekanligidan dalolat berib, muxlislar tomonidan iliq kutib olinmoqda.

U teatrda barakali mehnat qilish bilan bir qatorda doimo izlanishda bo‘lgan fidoyi ustoz ijodkordir. Viloyatda bo‘lib o‘tadigan barcha bayramlarda (Navro‘z, Mustaqillik va hokazo) faol ishtirok etib, bu tadbirlarning yuksak badiiy  saviyada  o‘tishida  o‘zining  munosib  hissasini  qo‘shib  kelayapti. Teatr  jamoasining 2006-yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ijodiy xisobot gastrolida X.Xursandov asarlari asosida sahnalashtirilgan «Kampir topaymi, dadajon» da – Zulayxo momo, «Qaysar cholning kilig‘i»dagi obrazlari yuksak mahorat bilan ijro etilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari teatr jamoasi 2007-yil 5–12 aprel kunlari Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Navro‘z-2007” xalqaro teatr festivalida va 2008-yil oktyabr oyida Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro eksprimental teatrlar festivalida, 2013 yilning 23–28 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan II-respublika teatrlar tanlovida  ishtirok etdi. Ushbu festivallarda Mayram Maxmudova yaratgan obrazlar festival ishtirokchilari va xayʼat aʼzolari tomonidan yuksak  baholandi.

Yoshlarning mehribon ustozi, Respublika teatr sanʼatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan isteʼdodli ijodkor M.Mahmudova 1980 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni bilan taqdirlandi.