Rejissyor  Neʼmat  Pardayev.

Maʼlumoti oliy, 1959 yildan 2012 yilga qadar Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtiruvchi rejissyor vazifada sermahsul ijod qildi.

N.Pardayev oliygohni tomomlagach o‘z faoliyatini ushbu teatrda boshladi va 55 yil shu jamoada samarali mehnat qildi.  U faoliyati davomida “Sud”, “Oshiqlar”, “Mehribonlar”, “Ko‘rmayin bosdim tikanni”, “Oq kema”, “Po‘latning nomi”, “Nurxon”, “Mehmon”, “Momo yer”, “Qamashgan ko‘zlar”, “Samantoy”, “Tashna qalb”, “Uch kunlik dunyo”, “Bir  qadam  yo‘l”, “Gulsara”, “Istambul fojeasi”, “Temir xotin”,“Bu telba dunyo”, “Afandi va Azroil”, “Qaytar dunyo”, “Sobir Termiziy”, “Adolat kuni”, “Kechikkan nikoh”, “Kampir topaymi dadajon”, “Xotimning uch oshig‘i”, “Hayqiriq”, “Sudxo‘rning pari qizi”, “Sadoqatli arvoh”, “Toshmat tajang”, “Botir dev”, “Qorbobo va yalmog‘iz” kabi 60 ga yaqin spektakllarni rejissyor sifatida yangicha talqinda sahnalashtirgan.

1987 yilda N.Pardayev teatrning direktori etib tayinlandi. Qisqa davr ichida u o‘zining chinakam ijodkor va tashkilotchi ekanligini namoyon qilaoldi. Kadrlar qo‘nimsizligiga barham berib, ko‘plab ijodkor yoshlarni teatrga jalb etdi. Natijada teatrda katta ijodiy guruh tuzilishiga erishildi. Viloyat teatri  Respublikaning yetuk teatrlari bilan ijodiy raqobatlashadigan bo‘ldi.

N.Pardayevning teatr sohasidagi qilgan ezgu ishlari yuksak baholanib, 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Ish faoliyati davomida viloyatda o‘tkazilgan Navro‘z, Mustaqillik bayramlarining yuqori saviyada o‘tishida munosib xizmat qildi. N.Pardayev teatrning ijodiy faoliyatidagi yuksalishlarga qo‘shayotgan hissasi uchun “Adib Sobir Termiziy” mukofoti bilan taqdirlangan.

N.Pardayev Surxondaryo viloyat teatrining yuqori ijodiy muvofaqqiyatlarga erishishi, o‘zbek teatr sanʼatining ravnaqi va chet mamlakatlarda targ‘ib etilishi  yo‘lida fidokorona xizmat qilgan rejissyordir.